TDYU Fuqarolik huquqi kafedrasi tomonidan 3-kurs Xususiy huquq fakulteti talabalari uchun “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar” mavzusida tashkil etilgan maxorat darsida San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruv raisi, yuridik fanlari doktori, professor Boboqul Toshev tomonidan maxorat darsi olib borildi. Darsda talabalarga mualliflik huquqi va turdosh huquqlar doirasidagi bilimlar, bugungi kundagi dolzarb axamiyatga ega jarayonlar, mualliflarning huquqlarini ximoyalash borasida san’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida ma’lumot berildi. Maxorat darsida talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Mualliflik huquqi Adliya vazirligi himoyasi ostida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil
18-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat
koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini
yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni
Soʻnggi yillarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan qonunchilik hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish, joylarda aholini tashvishga soluvchi huquqiy muammolarni hal etish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish masalalarida adliya
organlari va muassasalarining roli va mas’uliyati oshib bormoqda. Shu bilan
birga, intellektual mulkning huquqiy himoyasi sohasida yagona davlat siyosatini
amalga oshirish tizimini shakllantirish zarurati yuzaga kelgan edi. Shunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
farmoni qabul qilindi.
Farmonga
muvofiq Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlari
vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga oʻtkazildi. Vazirlikka intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini
ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar
belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish kabi
vazifalari yuklandi.
Vazirlik
intellektual mulk (intellektual mulk obyektlariga boʻlgan
huquqlarni muhofaza va himoya qilish) sohalarida yagona davlat siyosatini
amalga oshiruvchi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va intellektual
mulk sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasini ifodalovchi
vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalariga oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qoʻllash boʻyicha qoʻshimcha vakolat berildi.
1995-yil 15-noyabr kuni boʻlib oʻtgan YUNESKOning
28-sessiyasida birinchi marta “Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish
kuni” xalqaro kun deya e’tirof etildi. 1996-yil 22-23 aprel kunlari Oʻzbekiston
Respublikasi birinchi Prezidenti boshchiligida 300 dan ortiq vakillarimiz ishtirokida
YUNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohida “Amir Temur va temuriylarning insoniyat
sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya
yakunida YUNESKO tomonidan 23-aprel -“Xalqaro
kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni” deb e’lon qilindi. Har yili
ushbu kun dunyo jamoatchiligi tomonidan bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yilning 22-aprel kuni Madaniyat vazirligi va
“San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi”
hamkorligida “Kitobxonlik va ijodkorlarning
mualliflik huquqiga hurmat-taraqqiyot kafolati” mavzusida davra suhbati va matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Qonunchilikka koʻra respublikamizda mualliflik huquqi muallifning hayotligi davrida
va vafotidan keyin yana 70 yilgacha himoya qilinadi. 2021-yil avgustiga qadar bu
himoya muddati 50 yil edi. Bunga koʻra muallif vafotidan soʻng uning
merosxoʻrlaridan
yozma ruxsat olish talab etiladi va asardan foydalanilganda, ushbu muddatda mualliflik
haqi toʻlanadi.
Bugungi kunda mualliflar va turdosh
huquqlar subyektlari huquqlarini himoya qilish yoki mulkiy huquqlarini boshqarish
maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari mustaqil faoliyat yuritmoqda. Xususan,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 26-may kuni qabul qilingan “Madaniyat
va san’at sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari
toʻgʻrisida”gi
PF-6000-sonli farmoni bilan “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini
himoya qilish palatasi”ni tashkil etish qoʻllab-quvvatlangan.
Palataning asosiy vazifasi - mamlakatimizda mualliflar
va ijrochilar, ular merosxoʻrlarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda
boshqarish, oʻz a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish,
mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ularga tegishli mualliflik haqini yigʻish va
taqsimlash, buzilgan huquqlarini himoya qilishdan iborat.
Tadbir yakunida kelgusida madaniyat va san’at vakillariga munosib ijtimoiy-iqtisodiy
sharoitlar yaratish, ularning mualliflik huquqlariga oid bilimlarni tarqatish, joylarda
asarlar va ijrolardan foydalanishda jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish, davlatimizning
sohada olib borayotgan islohotlariga koʻmaklashish maqsadida palata bilan Madaniyat
vazirligi, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi hamda Oʻzbek milliy maqom san’ati markazi
oʻrtasida
hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Tadbir ishtirokchilari kelgusida ta’lim muassasalarida sohaga oid fanlarni
oʻqitish,
keng jamoatchilik orasida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, mualliflik
huquqi sohasida respublikamiz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishida
koʻmaklashish,
mualliflarga hurmat koʻrsatish va ularning huquqlari buzilishi oldini olishda hamkorlikda
ishlarni tashkil etishga kelishib olishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida madaniyat va san’at sohasi xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar doirasida ishtirokchilarga O‘zbekiston qonunchiligiga sohaga oid kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi, bundan tashqari, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish bo‘yicha tushunchalar berildi.
San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi Boboqul Toshev madaniyat va san’at sohasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish masalalariga atroflicha to‘xtaldi. U tinglovchilarga Palata faoliyati haqida so‘zlab berdi, shuningdek, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining asosiy qoidalari, shuningdek, xalqaro shartnomalar normalarini tushuntirib berdi.
Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlaridan biri sifatida mualliflar va turdosh huquqlar sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish masalalariga oid beshta konvensiya ratifikatsiya qilingan, – dedi B.Toshev. “O‘zbekiston yaqin kelajakda Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Ba’zilar JSTga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekistondagi biznes-jarayonlarning tamoyillari va sifatini umumiy jahon standartlariga keltirishimiz kerak, deb yanglishmoqda. Va ular buni faqat biznes yuritish qoidalari bilan cheklab, inson huquqlari va uning tarkibiy qismi - intellektual mulkni, ya'ni mualliflik huquqini himoya qilishni unutib qo'yishadi. Lekin, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish shartlaridan biri aynan intellektual mulk huquqlariga rioya qilishdir. O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lgach, iqtisodiyoti o‘tish davridagi davlat sifatida biz intellektual mulkni huquqiy himoya qilishning milliy rejimini qo‘llashga majbur bo‘lamiz va u minimal xalqaro standartlarga mos kelishi kerak.
O‘zbekiston JST doirasida Intellektual mulk
huquqlarining savdo aspektlari bo’yicha bitim (TRIPS) talablariga rioya qiladi va biz savdo
bilan bog‘liq jihatlar bo‘yicha intellektual mulk huquqlariga rioya qilishimiz
kerak. Biz mualliflarning asarlaridan foydalanuvchi sifatida huquqlarini hurmat
qilishga majburmiz. Lekin, aslida, mualliflarning o‘zlari yaratgan asarlarga
bo‘lgan huquqlaridan to‘liq xabardor emaslar. Shu sababli, ushbu bilimlarni
tarqatish va foydalanuvchilar o'rtasida mualliflar huquqlariga rioya qilish
bo'yicha yuqori talablarni joriy etish bizning manfaatlarimizdir. Jismoniy shaxslar
ham, ommaviy axborot vositalarida ham, Internetda ham
qaroqchilikka qarshi kurashda faolroq ishtirok etish bizning burchimiz. Aytish
joizki, O‘zbekiston har yili mualliflik huquqi va turdosh huquqlar
to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining to’g’ri tatbiq etilmasligi natijasida soliq sifatida
yig’ilishi mumkin bo’lgan katta miqdorda mablag‘ni yo‘qotmoqda. Qolaversa,
mualliflarimizning kam haq olishi esa ularning ijodiy va ilmiy izlanishlarini
davom ettirish imkonini bermaydi”. Palata raisi barcha ijobiy va salbiy
tomonlarini interaktiv tarzda tushuntirib berdi. Suhbat so‘ngida savol-javob
bo‘lib o‘tdi.
San'atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik
huquqlarini himoya qilish palatasi vakillari YUNESKOning Toshkentdagi
vakolatxonasiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston
Respublikasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasida xabardorlikni
oshirishda Palata va YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasidagi
hamkorlikni muhokama qilishdan iborat edi.
Yig‘ilish avvalida Palata faoliyati, uning rivojlanish
strategiyasi hamda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid bilimlarni
tarqatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot
berildi. Palata ijrochi direktori Baxtiyor Usmanovning ta’kidlashicha, bugungi kunda
Palata xodimlari ham mualliflar, ham foydalanuvchilar uchun turli treninglar,
mahorat darslari o‘tkazmoqda. Xalqaro aloqalar va axborotlashtirish boshqarmasi
boshlig‘i Olesya Romashko xorijiy mualliflik huquqlarini himoya qilish jamiyatlari bilan doimiy hamkorlik
qilish haqida gapirdi. 2022-yil oktyabr oyida. “Mualliflar va boshqa huquq
egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularning yechimlari” nomli xalqaro
konferensiyasi boʻlib oʻtdi, konferensiya
doirasida Yevropa, Kavkaz va Osiyo mualliflik
jamiyatlari vakillari hamda CISAC va WIPO vakillari yig‘ilganida mualliflik huquqi sohasidagi
asosiy muammo va tahdidlar, asarlardan qonuniy foydalanishni ta’minlash
mexanizmlari belgilab olindi va turdosh huquqlar ob'ektlari, shuningdek, ushbu
sohada ta'lim va huquqiy savodxonlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
YUNESKOning
O‘zbekistondagi vakolatxonasining madaniyat bo‘yicha mutaxassisi Muxayo
Mahmudova taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirib, YUNESKO faoliyati,
mualliflik huquqi sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari va bu borada aholining
xabardorligini oshirish bo‘yicha keyingi dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha
o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda mualliflik
huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi bilimlarni oshirish masalasi muhimligi
qayd etildi. Shu munosabat bilan oʻzaro hamkorlikni davom ettirish va samarali
hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq maqsad va vazifalarni belgilash
uchun kengaytirilgan tarkibda muzokaralar oʻtkazish taklif etildi.