1995-yil  15-noyabr kuni boʻlib oʻtgan YUNESKOning 28-sessiyasida birinchi marta “Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni” xalqaro kun deya e’tirof etildi. 1996-yil 22-23 aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti boshchiligida 300 dan ortiq vakillarimiz ishtirokida YUNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohida “Amir Temur va temuriylarning insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya yakunida YUNESKO tomonidan 23-aprel -“Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni” deb e’lon qilindi. Har yili ushbu kun dunyo jamoatchiligi tomonidan bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 22-aprel kuni Madaniyat vazirligi va “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” hamkorligida “Kitobxonlik va ijodkorlarning mualliflik huquqiga hurmat-taraqqiyot kafolati”  mavzusida davra suhbati va matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Qonunchilikka koʻra respublikamizda mualliflik huquqi muallifning hayotligi davrida va vafotidan keyin yana 70 yilgacha himoya qilinadi. 2021-yil avgustiga qadar bu himoya muddati 50 yil edi. Bunga koʻra muallif vafotidan soʻng uning merosxoʻrlaridan yozma ruxsat olish talab etiladi va asardan foydalanilganda, ushbu muddatda mualliflik haqi toʻlanadi.

 

Bugungi kunda mualliflar va turdosh huquqlar subyektlari huquqlarini himoya qilish yoki mulkiy huquqlarini boshqarish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari mustaqil faoliyat yuritmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  2020-yil 26-may kuni qabul qilingan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6000-sonli farmoni bilan “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi”ni tashkil etish qoʻllab-quvvatlangan.

Palataning asosiy vazifasi - mamlakatimizda mualliflar va ijrochilar, ular merosxoʻrlarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqarish, oʻz a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish, mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ularga tegishli mualliflik haqini yigʻish va taqsimlash, buzilgan huquqlarini himoya qilishdan iborat.

Tadbir yakunida kelgusida madaniyat va san’at vakillariga munosib ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaratish, ularning mualliflik huquqlariga oid bilimlarni tarqatish, joylarda asarlar va ijrolardan foydalanishda jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish, davlatimizning sohada olib borayotgan islohotlariga koʻmaklashish maqsadida palata bilan Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi hamda Oʻzbek milliy maqom san’ati markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tadbir ishtirokchilari kelgusida ta’lim muassasalarida sohaga oid fanlarni oʻqitish, keng jamoatchilik orasida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, mualliflik huquqi sohasida respublikamiz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishida koʻmaklashish, mualliflarga hurmat koʻrsatish va ularning huquqlari buzilishi oldini olishda hamkorlikda ishlarni tashkil etishga kelishib olishdi.