Mualliflik huquqi


Mualliflik huquqi egasi - ijodiy mehnat bilan asar yaratgan har qanday jismoniy shaxs muallif hisoblanadi (“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 2006 y.).

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq intellektual mulk egalari yoki mualliflik huquqi egalari quyidagilar hisoblanishi mumkin:

- mualliflarning o‘zi va hammualliflar, ijrochilar, ishlab chiqaruvchilar va ularning merosxoʻrlari;

- shartnoma boʻyicha intellektual mulk obyekti huquqlari mutlaq nomiga oʻtgan har qanday jismoniy va yuridik shaxslar;

- ish beruvchilar;

- buyurtmachilar.

Mualliflik huquqi - asarning maqsadi va ahamiyatidan, shuningdek, ifodalanish usulidan qat’i nazar, ijodiy faoliyat natijasi bo‘lgan fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Mualliflik huquqi har qanday obyektiv shaklda: yozma, og‘zaki, ovozli yoki video yozuvlar, tasvirlar, o‘lchovli va boshqa shakllarda bo‘lgan nashr etilgan va nashr etilmagan asarlarga nisbatan qo‘llaniladi (O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi, 1997 yil).

Muallif doim ham mualliflik huquqi egasi bo‘lavermaydi. Muallif asar yaratadi, mualliflik huquqi egasi esa intellektual mulkka egalik qilish huquqini oladi. Intellektual mulk obyektining mualliflik huquqi egasi agar u uni o‘zi yaratmagan bo‘lsa, uning muallifi deb hisoblanishi mumkin emas. Mualliflik huquqi egasi muallif bilan shartnoma tuzilgandan keyingina yoki uning merosxo‘ri yoki kreditori bo‘lgandagina intellektual mulk egasiga aylanadi. San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi mualliflik mehnatidan oʻzbekistonlik mualliflik huquqi egalari foydasiga foydalanganlik uchun haq toʻlashni ham Oʻzbekiston hududida, ham xorijda shu kabi xorijiy tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar asosida undiradi.

Mukofot egalari o‘rtasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyektlaridan foydalanganlik uchun mualliflik haqini taqsimlash to‘g‘risidagi nizomga muvofiq taqsimlanadi.

Huquqlaringiz buzilmasligi va intellektual mehnatizngiz uchun haq olishingiz uchun siz palata bilan tegishli shartnoma tuzishingiz va o‘zingizning ishlaringiz katalogini taqdim etishingiz kerak.