San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi (Palata) Jahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) Assambleyalarida rasman kuzatuvchi maqomi berildi. Qaror 2025-yil 8-17-iyul kunlari Jenevadagi BIMT bosh qarorgohida boʻlib oʻtgan yigʻilishlarda qabul qilindi.
Ushbu tadbir mualliflar, va ijodiy soha vakillarining
intellektual mulk bo‘yicha xalqaro muhokamalarda ovozini mustahkamlash yo‘lida
muhim qadam bo‘ldi. Palata akkreditatsiyadan o‘tgan NNT sifatida BIMT
Assambleyalari majlislariga kuzatuvchi sifatida taklif etiladi, bu esa unga
muhokamalarni kuzatish va o‘z faoliyati bilan bog‘liq takliflar kiritish
imkonini beradi.
2025-yil
29–30-aprel kunlari San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini
himoya qilish palatasi (SIIP) vakili CISAC tomonidan Litvaning Vilnyus shahrida
tashkil etilgan Yevropa qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdilar. Forum
mualliflik huquqlarini jamoaviy boshqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar
va yetakchi ekspertlarni bir joyga jamladi.
Tadbir Litva madaniyat vaziri Sharunas Birutis hamda
LATGA boshqaruvi raisi Stanislavas Stavickis Stano tomonidan ochildi. Ikki kun
davomida ishtirokchilar mualliflik huquqi sohasidagi dolzarb masalalarni,
jumladan, sun’iy intellektning ijodkorlik hamda huquqlarni boshqarishga
ta’sirini muhokama qildilar.
Sun’iy intellekt va monetizatsiya masalalari, shuningdek
yangi texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq imkoniyatlar va muammolarga
alohida e’tibor qaratildi. SIIP vakillari ekspertlar muhokamalarida faol
qatnashib, O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, Netflix va
META kompaniyalarining taqdimotlari, ASCAP yangiliklari va raqamli huquqlar bo‘yicha
munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Forumning ikkinchi kunida Barri Skennel sun’iy
intellekt to‘g‘risidagi qonunning mualliflik huquqiga ta’siri haqida ma’ruza
qildi. Yig‘ilish jonli ijrolarni litsenziyalash masalalarini muhokama qilish va
qo‘mita raisining vakolatini tasdiqlash bilan yakunlandi.
2024-yil 10-11-dekabr kunlari Budapesht shahrida (Vengriya) San’atkor, ijodkor va ijrochilarning
mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi vakillari CISAC tomonidan tashkil etilgan “Markaziy va Sharqiy
Yevropada televidenie va raqamli litsenziyalash muammolari” yillik seminarida va
audiovizual jamiyatlarni rivojlantirish bo‘yicha seminarda ishtirok etishdi. Mazkur tadbirlarda ishtirok etish mualliflar huquqlarini
himoya qilish, ijodiy sohani targ‘ib qilish va rivojlantirishda muhim ahamiyatga
ega.
Seminar doirasida mualliflik huquqini himoya qilishning so‘nggi
rivojlanishlari bilan tanishish, xalqaro ekspert va mutaxassislar
bilan tajriba almashish va litsenziyalashning dolzarb masalalarini muhokama qilish
uchun qulay imkoniyat yaratdi. Shuningdek, televidenie va radioeshittirishlar doirasida
jamoatchilik bilan muloqotga doir bo‘lib
o‘tgan keyingi sud ishlari muhokama qilindi.
Seminar bilimlarni kengaytirish, tajriba almashish va mulkiy huquqlarni boshqarish
va hamkorlikda yangi vositalarni joriy etishda
rivojlanayotgan jamiyatlarga ko‘mak bo‘ladi.
2024-yil 16-noyabr kuni “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” va Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti bilan hamkorlikda institut professor-o‘qituvchi, doktorant, mustaqil-izlanuvchilari uchun “Musiqiy asarlarni yaratish va ulardan foydalanishda mualliflik huquqlariga rioya etish masalalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda bugungi kunda musiqa sohasida mualliflik huquqiga rioya etishning qonunchilik me’yorlari va xalqaro-huquqiy asoslari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Keyingi paytlarda ijodkorlar va ijrochilar o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchilar sabalari hamda ularning yechimlari haqida ham fikr yuritildi. O‘quv jarayonida mualliflik huquqiga oid mavzularda suhbatlar o‘tkazib turishga kelishib olindi.
San’atkor,
ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi (SIIP) Xalqaro takror ishlab chiqarish huquqlari
tashkilotlari federatsiyasi (IFRRO)ga a’zo bo‘lganini mamnuniyat bilan ma’lum qilamiz! Bu xalqaro maydonda
mualliflar va noshirlar
huquqlarini himoya qilish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir. IFRRO mustaqil,
xalqaro notijorat
birlashma bo‘lib,
matn va grafika
asarlarini ko‘paytirish huquqlarini jamoaviy boshqarishni
faol targ‘ib
qiladi.
Endi
a’zolik orqali
mualliflik huquqi boshqaruvini yanada rivojlantirish va targ‘ib qilish, ijodlardan qonuniy va manfaatli foydalanishni ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu shuni anglatadiki, har bir muallif va noshir o‘zi
munosib e’tirof etiladi
va qo‘llab-quvvatlanadi!
Biz mualliflar va noshirlarni Palatamizga a’zo bo‘lishga taklif
qilamiz! O‘z ijodingiz
namunalarini himoya qiling, huquqlarni boshqarish bo‘yicha
ko‘mak oling va qonuniy haq oling.
Madaniyat
vazirligi bilan “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya
qilish palatasi” o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida, sahna asarlaridan
qonuniy foydalanishni yo‘lga qo‘yish, foydalanilayotgan asarlar repertuar bazasini
shakllantirish, asarlardan foydalanganlik uchun huquq egalariga tegishli mualliflik
haqi to‘lash tizimini joriy etish maqsadida vazirlik tizimidagi teatrlar rahbarlari
va bosh hisobchilari uchun seminar o‘tkazildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar
sohasiga oid qo‘shilgan xalqaro hujjatlari, jumladan, “Adabiy va badiiy asarlarni
muhofaza qilish haqida”gi Bern konvensiyasi, “Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini
ularning fonogrammalari noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi
Jeneva konvensiyasi, “Jahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi
shartnomasi va “Jahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar
bo‘yicha shartnomasi” kabi shartnomalarning a’zosi sifatida mualliflar va boshqa
huquq egalarining huquq va manfaatlarini xalqaro miqyosda muhofaza qilish bo‘yicha
majburiyatlari tushuntirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 19-yanvardagi
“Adabiyot va san’at asarlaridan foydalanganlikning ayrim turlari uchun mualliflik
haqining eng kam stavkalari to‘g‘risida”gi 10-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy
uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha
xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir
chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3201-son qarori bilan mualliflarga va boshqa huquq
egalariga mualliflik haqi to‘lash tartiblari haqida tushuntirishlar berildi.
Mualliflik huquqiga rioya etish bo‘yicha davlat-huquqiy siyosatining yo‘nalishlari
va sohadagi muammolar yechimlari haqida fikr yuritildi. Zalvorli asarlar yaratish
uchun mualliflarga hurmat ko‘rsatish va ularning huquqlarini ro‘yobga chiqarish
bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi. Kelgusida ham teatr jamoalari bilan
shunday mavzularda seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.