Madaniyat
vazirligi bilan “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya
qilish palatasi” o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida, sahna asarlaridan
qonuniy foydalanishni yo‘lga qo‘yish, foydalanilayotgan asarlar repertuar bazasini
shakllantirish, asarlardan foydalanganlik uchun huquq egalariga tegishli mualliflik
haqi to‘lash tizimini joriy etish maqsadida vazirlik tizimidagi teatrlar rahbarlari
va bosh hisobchilari uchun seminar o‘tkazildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar
sohasiga oid qo‘shilgan xalqaro hujjatlari, jumladan, “Adabiy va badiiy asarlarni
muhofaza qilish haqida”gi Bern konvensiyasi, “Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini
ularning fonogrammalari noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi
Jeneva konvensiyasi, “Jahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi
shartnomasi va “Jahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar
bo‘yicha shartnomasi” kabi shartnomalarning a’zosi sifatida mualliflar va boshqa
huquq egalarining huquq va manfaatlarini xalqaro miqyosda muhofaza qilish bo‘yicha
majburiyatlari tushuntirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 19-yanvardagi
“Adabiyot va san’at asarlaridan foydalanganlikning ayrim turlari uchun mualliflik
haqining eng kam stavkalari to‘g‘risida”gi 10-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy
uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha
xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir
chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3201-son qarori bilan mualliflarga va boshqa huquq
egalariga mualliflik haqi to‘lash tartiblari haqida tushuntirishlar berildi.
Mualliflik huquqiga rioya etish bo‘yicha davlat-huquqiy siyosatining yo‘nalishlari
va sohadagi muammolar yechimlari haqida fikr yuritildi. Zalvorli asarlar yaratish
uchun mualliflarga hurmat ko‘rsatish va ularning huquqlarini ro‘yobga chiqarish
bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi. Kelgusida ham teatr jamoalari bilan
shunday mavzularda seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.