2025-yil 29–30-aprel kunlari San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi (SIIP) vakili CISAC tomonidan Litvaning Vilnyus shahrida tashkil etilgan Yevropa qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdilar. Forum mualliflik huquqlarini jamoaviy boshqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar va yetakchi ekspertlarni bir joyga jamladi.

Tadbir Litva madaniyat vaziri Sharunas Birutis hamda LATGA boshqaruvi raisi Stanislavas Stavickis Stano tomonidan ochildi. Ikki kun davomida ishtirokchilar mualliflik huquqi sohasidagi dolzarb masalalarni, jumladan, sun’iy intellektning ijodkorlik hamda huquqlarni boshqarishga ta’sirini muhokama qildilar.

Sun’iy intellekt va monetizatsiya masalalari, shuningdek yangi texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq imkoniyatlar va muammolarga alohida e’tibor qaratildi. SIIP vakillari ekspertlar muhokamalarida faol qatnashib, O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. Shuningdek, Netflix va META kompaniyalarining taqdimotlari, ASCAP yangiliklari va raqamli huquqlar bo‘yicha munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Forumning ikkinchi kunida Barri Skennel sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonunning mualliflik huquqiga ta’siri haqida ma’ruza qildi. Yig‘ilish jonli ijrolarni litsenziyalash masalalarini muhokama qilish va qo‘mita raisining vakolatini tasdiqlash bilan yakunlandi.

Mazkur qo‘mita raqamli transformatsiya sharoitida mualliflik huquqlarini tartibga solish borasida bilim va tajriba almashish, shuningdek, hamkorlikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.