Mualliflik huquqi Adliya vazirligi himoyasi ostida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni

Soʻnggi yillarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan qonunchilik hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish, joylarda aholini tashvishga soluvchi huquqiy muammolarni hal etish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish masalalarida adliya organlari va muassasalarining roli va mas’uliyati oshib bormoqda. Shu bilan birga, intellektual mulkning huquqiy himoyasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish tizimini shakllantirish zarurati yuzaga kelgan edi. Shunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlari vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga oʻtkazildi. Vazirlikka intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish kabi vazifalari yuklandi.

Vazirlik intellektual mulk (intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish) sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasini ifodalovchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalariga oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qoʻllash  boʻyicha qoʻshimcha vakolat berildi.