O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida madaniyat va san’at sohasi xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Seminar doirasida ishtirokchilarga O‘zbekiston qonunchiligiga sohaga oid kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi, bundan tashqari, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish bo‘yicha tushunchalar berildi.

San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi Boboqul Toshev madaniyat va san’at sohasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish masalalariga atroflicha to‘xtaldi. U tinglovchilarga Palata faoliyati haqida so‘zlab berdi, shuningdek, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining asosiy qoidalari, shuningdek, xalqaro shartnomalar normalarini tushuntirib berdi.

Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlaridan biri sifatida mualliflar va turdosh huquqlar sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish masalalariga oid beshta konvensiya ratifikatsiya qilingan, – dedi B.Toshev. “O‘zbekiston yaqin kelajakda Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Ba’zilar JSTga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekistondagi biznes-jarayonlarning tamoyillari va sifatini umumiy jahon standartlariga keltirishimiz kerak, deb yanglishmoqda. Va ular buni faqat biznes yuritish qoidalari bilan cheklab, inson huquqlari va uning tarkibiy qismi - intellektual mulkni, ya'ni mualliflik huquqini himoya qilishni unutib qo'yishadi. Lekin, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish shartlaridan biri aynan intellektual mulk huquqlariga rioya qilishdir. O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lgach, iqtisodiyoti o‘tish davridagi davlat sifatida biz intellektual mulkni huquqiy himoya qilishning milliy rejimini qo‘llashga majbur bo‘lamiz va u minimal xalqaro standartlarga mos kelishi kerak.

O‘zbekiston JST doirasida Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari bo’yicha bitim (TRIPS) talablariga rioya qiladi va biz savdo bilan bog‘liq jihatlar bo‘yicha intellektual mulk huquqlariga rioya qilishimiz kerak. Biz mualliflarning asarlaridan foydalanuvchi sifatida huquqlarini hurmat qilishga majburmiz. Lekin, aslida, mualliflarning o‘zlari yaratgan asarlarga bo‘lgan huquqlaridan to‘liq xabardor emaslar. Shu sababli, ushbu bilimlarni tarqatish va foydalanuvchilar o'rtasida mualliflar huquqlariga rioya qilish bo'yicha yuqori talablarni joriy etish bizning manfaatlarimizdir. Jismoniy shaxslar ham, ommaviy axborot vositalarida ham, Internetda ham qaroqchilikka qarshi kurashda faolroq ishtirok etish bizning burchimiz. Aytish joizki, O‘zbekiston har yili mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining to’g’ri tatbiq etilmasligi natijasida soliq sifatida yig’ilishi mumkin bo’lgan katta miqdorda mablag‘ni yo‘qotmoqda. Qolaversa, mualliflarimizning kam haq olishi esa ularning ijodiy va ilmiy izlanishlarini davom ettirish imkonini bermaydi”. Palata raisi barcha ijobiy va salbiy tomonlarini interaktiv tarzda tushuntirib berdi. Suhbat so‘ngida savol-javob bo‘lib o‘tdi.