Palatamizning yetakchi
xodimlari Fargʻona
viloyatidagi huquq egalariga palataning maqsad va vazifalari haqida
tushuntirish hamda targʻibot
ishlarini amalga oshirish uchun tashrif buyurishdi. Palatamizning boshqaruv
raisi, yuridik fanlari doktori, professor Boboqul Toshev Fargʻona
viloyatidagi koʻplab huquq egalariga palataning faoliyati,
maqsad va vazifalari haqida tushuntirish va targʻibot ishlarini
olib bordi. Yigʻilishda palataning ijrochi direktori Baxtiyor
Usmanov huquq egalariga mualliflik huquqini qanday himoya qilishni, bu soxa
haqida jamiyat vakillari yetarlicha ma’lumot va koʻnikmaga ega
emasligi hamda mualliflik huquqlarining barcha turlarini qonuniy himoya qilish
shartligini ta’kidlab oʻtdi. Yigʻilish soʻngida
huquq egalari palatamiz bilan shartnoma imzolab, mualliflik huquqlarining
qonuniy himoyasi uchun qadam qoʻydilar.
Intellektual mulk va mualliflik huquqi sohasi va uning doirasidagi masalalar bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu sohani rivojlantirish hamda jamiyatda mualliflik huquqi tushunchasini keng targʻib etish maqsadida palatamizning rahbar va xodimlari doimiy izlanishda. Ushbu faoliyatning davomi sifatida 2022-yil 14-aprel kuni Palatamizning boshqaruv raisi, yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshev Toshkent Davlat yuridik universiteti Magistratura bosqichi magistrantlari uchun "Intellektual mulk va mualliflik huquqini muhofaza qilishning huquqiy asoslari" mavzusida mahorat darsi oʻtkazdi. Dars mobaynida mutaxassis va magistrantlar oʻrtasida savol-javob tarzida qizgʻin fikr almashinuv jarayonida intellektual mulk va mualliflik huquqi borasida keng koʻlamli axborot berildi.
26-aprel - Xalqaro “Intellektual mulk kuni”. Shu munosabat bilan San’atkor, ijodkor va ichrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruv raisi, yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshev Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashgan filialida 2-bosqich talabalari uchun “Oʻzbekistonda intellektual mulkni himoya qilishning huquqiy asoslari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida mahorat darsi oʻtkazdi.
Boboqul Toshev ma’ruzasida 1970-yil 26-aprel kuni BMTning maxsus ixtisoslashgan tashkiloti, Jeneva shahrida joylashgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti oʻz faoliyatini boshlagani munosabati bilan ushbu kun butun dunyoda nishonlanib kelayotgani, Oʻzbekiston 1991-yildan mazkur tashkilotning teng huquqli a’zosi ekani haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, ma’ruzachi mamlakatimizda intellektual mulkni muhofaza qilishning huquqiy asoslari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati, intellektual mulkni tijoratlashtirish, innovativ iqtisodiyotning oʻrni, mualliflar huquqlarini amalda ta’minlash bilan bogʻliq masalalar, mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida batafsil fikr yuritdi. Mahorat darsi mobaynida talabalar tomonidan berilgan savollarga tegishli javoblar qaytarildi.
26-aprel Xalqaro intellektual mulk kuni munosabati bilan Adliya vazirligi
huzuridagi Intellektual mulk agentligi majlislar zalida ushbu kun munosabati
bilan muntazam oʻtkaziluvchi eng yaxshi intellektual mulk obyekti “Best IP –
2022” tanlovi gʻoliblari hamda Butunjahon intellektual, mulk tashkilotining
“Ixtirochilik uchun”, “Ijodkorlik uchun”, medallari va “Intellektual mulk
sohasidagi eng yaxshi korxona” mukofoti bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya
qilish palatasi ijrochi direktori oʻrinbosari Aslonov Nodirjon Adhamovich
ishtirok etdi.
Nodirjon Aslonovning ta’kidlashicha, insoniyat tafakkuri rivoji bilan
yigirma birinchi asrga kelib ilm fan va texnika taraqqiyoti yanada jadallashdi.
Hayotimizga qanchadan - qancha soʻnggi rusumdagi texnikalar,
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib keldi. Endilikda har bir
intellektual mulk obyekti jamiyatga foyda keltirishi va hayotga tatbiq
qilinishida huquqiy himoyaga ega boʻlishi yanada muhim ahamiyatga ega sanaladi.
Xalqaro intellektual mulk kunini nishonlash 2000-yilda Butunjahon intellektual
mulk tashkilotiga (BIMT) a’zo - davlatlar tomonidan jahon taraqqiyotida
intellektual mulk oʻnini yanada oshirish va mavjud muammolarga yechim topish
sifatida taklif etilgan . Har yili 26 aprel - Xalqaro intellektual mulk kuni
biron bir mavzuga bagʻishlanadi. Joriy yilda ushbu sana "Intellektual mulk
va yoshlar: kelajak uchun innovatsiyalar" nomi ostida oʻtkazildi. Tanlov
ishtirokchilari tomonidan topshirilgan ishlarni koʻrib chiqishda ham
taraqqiyotga hissa qoʻshuvchi innovatsion ishlanmalarga katta e’tibor qaratildi.
Umuman olganda, intellektual mulk muhofazasi va himoyasi tizimining toʻgʻri
yoʻlga qoʻyilishi investitsiyalarning toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etilishi,
ixtirochilik salohiyati va texnologiyalarning keng yoyilishiga yoʻl ochadi. Bu
esa, oʻz navbatida, yangi ish oʻrinlari yaratilishi, inson kapitalining
rivojlanishi va qoʻshimcha moddiy daromadning ortishiga olib keladi.
"Best IP - 2021" tanlovi Maxsus komissiyasi tomonidan gʻolib deb
topilganlar tegishli ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 30, 25 va 20
baravari miqdorida pul mukofoti bilan va estalik sovgʻalar bilan
taqdirlanishdi. Innovatsion intellektual mulk obyektlari yaratilishi milliy
iqtisodiyotning innovatsion rivoji hamda mamlakatni jahonga integratsiyalashuvi
va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois zamon
bilan hamnafas intellektual mulk obyektlarini yaratish, ilmiy-ijodiy faoliyatni
moddiy qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotni innovatsion bosqichga oʻtkazish, turli
tadqiqotlar, ilmiy ishlanmalarni hayotga tadbiq qilishni qoʻllab-quvvatlash
dolzarb vazifalardan boʻlib qolaveradi .
“Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid
qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Davlat bojxona qoʻmitasi Intellektual
mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilgan tovar belgilari boʻyicha
qonunchilik talablari buzilishi haqida xabar beradi.
2022-yil 1-sentyabrdan “Yagona darcha” bojxona tizimi
orqali intellektual mulk obyektlarini Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi
arizalarni elektron yuborish va ariza holatini onlayn kuzatib borish hamda
natijasi boʻyicha arizachilarni xabardor qilish tartibi yoʻlga qoʻyiladi.
2023-yil 1-yanvargacha intellektual mulk
obyektlarining auksion savdosini oʻtkazadigan “Intellektual mulk – barcha
uchun” maxsus internet-auksion savdo platformasi ishlab chiqiladi.
2022-yil 1-oktyabrgacha Internetda mualliflik huquqi
va turdosh huquqlarni buzgan veb-saytlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga
oluvchi «Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reyestri»
axborot tizimi ishga tushiriladi.
Qaror bilan 2022–2026-yillarda Oʻzbekiston
Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi
tasdiqlandi.