26-aprel - Xalqaro “Intellektual mulk kuni”. Shu munosabat bilan San’atkor, ijodkor va ichrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruv raisi, yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshev Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashgan filialida 2-bosqich talabalari uchun “Oʻzbekistonda intellektual mulkni himoya qilishning huquqiy asoslari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida mahorat darsi oʻtkazdi. 

Boboqul Toshev ma’ruzasida 1970-yil 26-aprel kuni BMTning maxsus ixtisoslashgan tashkiloti, Jeneva shahrida joylashgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti oʻz faoliyatini boshlagani munosabati bilan ushbu kun butun dunyoda nishonlanib kelayotgani, Oʻzbekiston 1991-yildan mazkur tashkilotning teng huquqli a’zosi ekani haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, ma’ruzachi mamlakatimizda intellektual mulkni muhofaza qilishning huquqiy asoslari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati, intellektual mulkni tijoratlashtirish, innovativ iqtisodiyotning oʻrni, mualliflar huquqlarini amalda ta’minlash bilan bogʻliq masalalar, mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida batafsil fikr yuritdi.  Mahorat darsi mobaynida talabalar tomonidan berilgan savollarga tegishli javoblar qaytarildi.