Yangiliklar va voqealar

O‘zbekistonda va xorijda intellektual mulk sohasidagi so‘nggi voqealar va qiziqarli yangiliklar.

октябрь 2, 2025

Sahna asarlaridan qonuniy foydalanish

Madaniyat vazirligi bilan “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida, sahna asarlaridan qonuniy foydalanishni yo‘lga qo‘yish, foydalanilayotgan asarlar repertuar bazasini shakllantirish, asarlardan foydalanganlik uchun huquq egalariga tegishli mualliflik haqi to‘lash tizimini joriy etish maqsadida vazirlik tizimidagi teatrlar rahbarlari va bosh hisobchilari uchun seminar o‘tkazildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasiga oid qo‘shilgan xalqaro hujjatlari, jumladan, “Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish haqida”gi Bern konvensiyasi, “Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalari noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Jeneva konvensiyasi, “Jahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi to‘g‘risida”gi shartnomasi va “Jahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar bo‘yicha shartnomasi” kabi shartnomalarning a’zosi sifatida mualliflar va boshqa huquq egalarining huquq va manfaatlarini xalqaro miqyosda muhofaza qilish bo‘yicha majburiyatlari tushuntirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 19-yanvardagi “Adabiyot va san’at asarlaridan foydalanganlikning ayrim turlari uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari to‘g‘risida”gi 10-son qarori va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3201-son qarori bilan mualliflarga va boshqa huquq egalariga mualliflik haqi to‘lash tartiblari haqida tushuntirishlar berildi.

Mualliflik huquqiga rioya etish bo‘yicha davlat-huquqiy siyosatining yo‘nalishlari va sohadagi muammolar yechimlari haqida fikr yuritildi. Zalvorli asarlar yaratish uchun mualliflarga hurmat ko‘rsatish va ularning huquqlarini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi. Kelgusida ham teatr jamoalari bilan shunday mavzularda seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.

октябрь 2, 2025

SIIP IFRRO a’zosi bo‘ldi

San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi (SIIP) Xalqaro takror ishlab chiqarish huquqlari tashkilotlari federatsiyasi (IFRRO)ga azo bo‘lganini mamnuniyat bilan ma’lum qilamiz! Bu xalqaro maydonda mualliflar va noshirlar huquqlarini himoya qilish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir. IFRRO mustaqil, xalqaro notijorat birlashma bo‘lib, matn va grafika asarlarini ko‘paytirish huquqlarini jamoaviy boshqarishni faol targ‘ib qiladi.

Endi azolik orqali mualliflik huquqi boshqaruvini yanada rivojlantirish va targ‘ib qilish, ijodlardan qonuniy va manfaatli foydalanishni taminlash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu shuni anglatadiki, har bir muallif va noshir o‘zi munosib etirof etiladi va qo‘llab-quvvatlanadi!

Biz mualliflar va noshirlarni Palatamizga a’zo bo‘lishga taklif qilamiz! O‘z ijodingiz namunalarini himoya qiling, huquqlarni boshqarish bo‘yicha ko‘mak oling va qonuniy haq oling.

октябрь 2, 2025

Musiqiy asarlarni yaratish va ulardan foydalanishda mualliflik huquqlariga rioya etish masalalari

2024-yil 16-noyabr kuni “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” va Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti bilan hamkorlikda institut professor-o‘qituvchi, doktorant, mustaqil-izlanuvchilari uchun “Musiqiy asarlarni yaratish va ulardan foydalanishda mualliflik huquqlariga rioya etish masalalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda bugungi kunda musiqa sohasida mualliflik huquqiga rioya etishning qonunchilik me’yorlari va xalqaro-huquqiy asoslari haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Keyingi paytlarda ijodkorlar va ijrochilar o‘rtasida kelib chiqadigan kelishmovchilar sabalari hamda ularning yechimlari haqida ham fikr yuritildi. O‘quv jarayonida mualliflik huquqiga oid mavzularda suhbatlar o‘tkazib turishga kelishib olindi. 

октябрь 2, 2025

Markaziy va Sharqiy Yevropada televidenie va raqamli litsenziyalash muammolari

2024-yil 10-11-dekabr kunlari Budapesht shahrida (Vengriya) San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi vakillari CISAC tomonidan tashkil etilgan “Markaziy va Sharqiy Yevropada televidenie va raqamli litsenziyalash muammolari” yillik seminarida va audiovizual jamiyatlarni rivojlantirish bo‘yicha seminarda ishtirok etishdi. Mazkur tadbirlarda ishtirok etish mualliflar huquqlarini himoya qilish, ijodiy sohani targ‘ib qilish va rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

Seminar doirasida mualliflik huquqini himoya qilishning so‘nggi rivojlanishlari bilan tanishish, xalqaro ekspert va mutaxassislar bilan tajriba almashish va litsenziyalashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Shuningdek, televidenie va radioeshittirishlar doirasida jamoatchilik bilan muloqotga doir bo‘lib o‘tgan keyingi sud ishlari muhokama qilindi.

Seminar bilimlarni kengaytirish, tajriba almashish va mulkiy huquqlarni boshqarish va hamkorlikda yangi vositalarni joriy etishda rivojlanayotgan jamiyatlarga ko‘mak bo‘ladi.

        Bunday hamkorlik dunyo bo‘ylab xalqaro aloqalarni mustahkamlashga va raqamli davrda mualliflar manfaatlarini himoya qilish uchun qulay maydon yaratishga yordam beradi.

октябрь 2, 2025

Palataga BIMT Assambleyalarida kuzatuvchi maqomi berildi

San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi (Palata) Jahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) Assambleyalarida rasman kuzatuvchi maqomi berildi. Qaror 2025-yil 8-17-iyul kunlari Jenevadagi BIMT bosh qarorgohida boʻlib oʻtgan yigʻilishlarda qabul qilindi.

Ushbu tadbir mualliflar, va ijodiy soha vakillarining intellektual mulk bo‘yicha xalqaro muhokamalarda ovozini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Palata akkreditatsiyadan o‘tgan NNT sifatida BIMT Assambleyalari majlislariga kuzatuvchi sifatida taklif etiladi, bu esa unga muhokamalarni kuzatish va o‘z faoliyati bilan bog‘liq takliflar kiritish imkonini beradi.

Palata Assambleyalarda ishtirok etishdan tashqari, agar ko‘rib chiqilayotgan mavzular tashkilotni qiziqtirsa, BIMT Doimiy komissiyalari va boshqa ishchi organlarining majlislariga kuzatuvchi sifatida ham taklif qilinishi mumkin. Qaror WIPOning A/66/10 rasmiy hisobotida qayd etilgan.