Yangiliklar va voqealar

O‘zbekistonda va xorijda intellektual mulk sohasidagi so‘nggi voqealar va qiziqarli yangiliklar.

27/04/2022

“Best IP – 2022”

26-aprel Xalqaro intellektual mulk kuni munosabati bilan Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi majlislar zalida ushbu kun munosabati bilan muntazam oʻtkaziluvchi eng yaxshi intellektual mulk obyekti “Best IP – 2022” tanlovi gʻoliblari hamda Butunjahon intellektual, mulk tashkilotining “Ixtirochilik uchun”, “Ijodkorlik uchun”, medallari va “Intellektual mulk sohasidagi eng yaxshi korxona” mukofoti bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi ijrochi direktori oʻrinbosari Aslonov Nodirjon Adhamovich ishtirok etdi.

Nodirjon Aslonovning ta’kidlashicha, insoniyat tafakkuri rivoji bilan yigirma birinchi asrga kelib ilm fan va texnika taraqqiyoti yanada jadallashdi. Hayotimizga qanchadan - qancha soʻnggi rusumdagi texnikalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib keldi. Endilikda har bir intellektual mulk obyekti jamiyatga foyda keltirishi va hayotga tatbiq qilinishida huquqiy himoyaga ega boʻlishi yanada muhim ahamiyatga ega sanaladi. Xalqaro intellektual mulk kunini nishonlash 2000-yilda Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga (BIMT) a’zo - davlatlar tomonidan jahon taraqqiyotida intellektual mulk oʻnini yanada oshirish va mavjud muammolarga yechim topish sifatida taklif etilgan . Har yili 26 aprel - Xalqaro intellektual mulk kuni biron bir mavzuga bagʻishlanadi. Joriy yilda ushbu sana "Intellektual mulk va yoshlar: kelajak uchun innovatsiyalar" nomi ostida oʻtkazildi. Tanlov ishtirokchilari tomonidan topshirilgan ishlarni koʻrib chiqishda ham taraqqiyotga hissa qoʻshuvchi innovatsion ishlanmalarga katta e’tibor qaratildi. Umuman olganda, intellektual mulk muhofazasi va himoyasi tizimining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi investitsiyalarning toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etilishi, ixtirochilik salohiyati va texnologiyalarning keng yoyilishiga yoʻl ochadi. Bu esa, oʻz navbatida, yangi ish oʻrinlari yaratilishi, inson kapitalining rivojlanishi va qoʻshimcha moddiy daromadning ortishiga olib keladi.

"Best IP - 2021" tanlovi Maxsus komissiyasi tomonidan gʻolib deb topilganlar tegishli ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 30, 25 va 20 baravari miqdorida pul mukofoti bilan va estalik sovgʻalar bilan taqdirlanishdi. Innovatsion intellektual mulk obyektlari yaratilishi milliy iqtisodiyotning innovatsion rivoji hamda mamlakatni jahonga integratsiyalashuvi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois zamon bilan hamnafas intellektual mulk obyektlarini yaratish, ilmiy-ijodiy faoliyatni moddiy qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotni innovatsion bosqichga oʻtkazish, turli tadqiqotlar, ilmiy ishlanmalarni hayotga tadbiq qilishni qoʻllab-quvvatlash dolzarb vazifalardan boʻlib qolaveradi .

 

 

26/04/2022

26-mart - Xalqaro Intellektual mulk kuni

26-aprel - Xalqaro “Intellektual mulk kuni”. Shu munosabat bilan San’atkor, ijodkor va ichrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruv raisi, yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshev Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashgan filialida 2-bosqich talabalari uchun “Oʻzbekistonda intellektual mulkni himoya qilishning huquqiy asoslari va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzusida mahorat darsi oʻtkazdi. 

Boboqul Toshev ma’ruzasida 1970-yil 26-aprel kuni BMTning maxsus ixtisoslashgan tashkiloti, Jeneva shahrida joylashgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti oʻz faoliyatini boshlagani munosabati bilan ushbu kun butun dunyoda nishonlanib kelayotgani, Oʻzbekiston 1991-yildan mazkur tashkilotning teng huquqli a’zosi ekani haqida atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, ma’ruzachi mamlakatimizda intellektual mulkni muhofaza qilishning huquqiy asoslari, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati, intellektual mulkni tijoratlashtirish, innovativ iqtisodiyotning oʻrni, mualliflar huquqlarini amalda ta’minlash bilan bogʻliq masalalar, mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida batafsil fikr yuritdi.  Mahorat darsi mobaynida talabalar tomonidan berilgan savollarga tegishli javoblar qaytarildi.

 

23/04/2022

Kitobxonlik va ijodkorlarning mualliflik huquqiga hurmat- taraqqiyot kafolati

1995-yil  15-noyabr kuni boʻlib oʻtgan YUNESKOning 28-sessiyasida birinchi marta “Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni” xalqaro kun deya e’tirof etildi. 1996-yil 22-23 aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti boshchiligida 300 dan ortiq vakillarimiz ishtirokida YUNESKOning Parij shahridagi bosh qarorgohida “Amir Temur va temuriylarning insoniyat sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya yakunida YUNESKO tomonidan 23-aprel -“Xalqaro kitob va mualliflik huquqlarini himoya qilish kuni” deb e’lon qilindi. Har yili ushbu kun dunyo jamoatchiligi tomonidan bayram sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 22-aprel kuni Madaniyat vazirligi va “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” hamkorligida “Kitobxonlik va ijodkorlarning mualliflik huquqiga hurmat-taraqqiyot kafolati”  mavzusida davra suhbati va matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Qonunchilikka koʻra respublikamizda mualliflik huquqi muallifning hayotligi davrida va vafotidan keyin yana 70 yilgacha himoya qilinadi. 2021-yil avgustiga qadar bu himoya muddati 50 yil edi. Bunga koʻra muallif vafotidan soʻng uning merosxoʻrlaridan yozma ruxsat olish talab etiladi va asardan foydalanilganda, ushbu muddatda mualliflik haqi toʻlanadi.

 

Bugungi kunda mualliflar va turdosh huquqlar subyektlari huquqlarini himoya qilish yoki mulkiy huquqlarini boshqarish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari mustaqil faoliyat yuritmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  2020-yil 26-may kuni qabul qilingan “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6000-sonli farmoni bilan “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi”ni tashkil etish qoʻllab-quvvatlangan.

Palataning asosiy vazifasi - mamlakatimizda mualliflar va ijrochilar, ular merosxoʻrlarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqarish, oʻz a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish, mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ularga tegishli mualliflik haqini yigʻish va taqsimlash, buzilgan huquqlarini himoya qilishdan iborat.

Tadbir yakunida kelgusida madaniyat va san’at vakillariga munosib ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaratish, ularning mualliflik huquqlariga oid bilimlarni tarqatish, joylarda asarlar va ijrolardan foydalanishda jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish, davlatimizning sohada olib borayotgan islohotlariga koʻmaklashish maqsadida palata bilan Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi hamda Oʻzbek milliy maqom san’ati markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tadbir ishtirokchilari kelgusida ta’lim muassasalarida sohaga oid fanlarni oʻqitish, keng jamoatchilik orasida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, mualliflik huquqi sohasida respublikamiz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishida koʻmaklashish, mualliflarga hurmat koʻrsatish va ularning huquqlari buzilishi oldini olishda hamkorlikda ishlarni tashkil etishga kelishib olishdi.

 

15/04/2022

Intellektual mulk va mualliflik huquqini muhofaza qilishning huquqiy asoslari

      Intellektual mulk va mualliflik huquqi sohasi va uning doirasidagi masalalar bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu sohani rivojlantirish hamda jamiyatda mualliflik huquqi tushunchasini keng targʻib etish maqsadida palatamizning rahbar va xodimlari doimiy izlanishda. Ushbu faoliyatning davomi sifatida 2022-yil 14-aprel kuni Palatamizning boshqaruv raisi, yuridik fanlar doktori, professor Boboqul Toshev Toshkent Davlat yuridik universiteti Magistratura bosqichi magistrantlari uchun "Intellektual mulk va mualliflik huquqini muhofaza qilishning huquqiy asoslari" mavzusida mahorat darsi oʻtkazdi. Dars mobaynida mutaxassis va magistrantlar oʻrtasida savol-javob tarzida qizgʻin fikr almashinuv jarayonida  intellektual mulk va mualliflik huquqi borasida keng koʻlamli axborot berildi.

08/04/2022

Hamkorlik memorandumi imzolandi

15 mart “Butunjaxon iste’molchilar xukuklarini ximoya qilish” kuni munosabati bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi bilan hamkorlikda Milliy matbuot markazida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda palata boshqaruv raisi Boboqul Toshev OAV xodimlari tomonidan sohaga doir berilgan savollarga javob qaytardi. Anjuman so’ngida San'atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘rtasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. 
Memorandum mualliflar va ijrochilarning intellektual mulkini himoya qilish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni nazarda tutadi.  Hujjat uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, mualliflik huquqi egalari va ularning merosxo‘rlarini huquqiy himoyalashga erishish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni amalga oshirish, san’at asarlari, adabiy va badiiy asarlari mualliflik huquqini himoya qilishni ta’minlash borasida O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga, pirovardida mamlakatning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan.

25/03/2022

Mualliflik huquqi Adliya vazirligi himoyasi ostida

Mualliflik huquqi Adliya vazirligi himoyasi ostida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni

Soʻnggi yillarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan qonunchilik hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish, joylarda aholini tashvishga soluvchi huquqiy muammolarni hal etish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish masalalarida adliya organlari va muassasalarining roli va mas’uliyati oshib bormoqda. Shu bilan birga, intellektual mulkning huquqiy himoyasi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish tizimini shakllantirish zarurati yuzaga kelgan edi. Shunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq Intellektual mulk agentligi va uning hududiy markazlari vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga oʻtkazildi. Vazirlikka intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish kabi vazifalari yuklandi.

Vazirlik intellektual mulk (intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish) sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va intellektual mulk sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasini ifodalovchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalariga oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qoʻllash  boʻyicha qoʻshimcha vakolat berildi.