Joriy yilning 22 iyul kuni Boku shahrida (Ozarbayjon) Sharqiy Yevropa,
Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari mualliflarining mulkiy huquqlarini
jamoaviy boshqaruvchi jamiyatlarining navbatdagi ikkinchi yig‘ilishi bo’lib
o’tdi.
Yig’ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad kelgusida tashkilotlararo samarali
hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mualliflar va ijrochilar huquqlarini boshqarish
bo‘yicha o‘zaro ikki tomonlama shartnomalar imzolashdan iborat.
Yig’ilish doirasida “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” (“SIIP”, O‘zbekiston Respublikasi) hamda “Mualliflik huquqi” milliy assotsiatsiyasi” (ANCO, Moldova Respublikasi) va Fonogramma ishlab chiqaruvchilar va ijrochilar мilliy assotsiatsiya o‘rtasida (“ANPFI”, Moldova Respublikasi) huquqlarni o’zaro birgalikda muhofaza qilish to’g’risida shartnomalar tuzildi.
ANCO bosh direktori Oleg Gutyum taʼkidlaganidek: “Bizning maqsadimiz
mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida oʻzaro manfaatli
hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdir. Hozir O‘zbekistonda mualliflar huquqlarini himoya
qilishni kuchaytirish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ko‘rib
turibmiz. Onlayn va oflayn rejimda bir nechta uchrashuvlar o'tkazib, biz SIIP
ishonchli hamkor ekanligiga amin bo'ldik. Biz SIIP vakillari bilan ochiq va
samarali hamkorlik qilishga hamda respublikalarimizda bir-birimizning
manfaatlarimizni ifoda etibgina qolmay, balki huquqiy yordam
ko‘rsatishga, tajriba almashishga tayyormiz”.
“ANCO” va “ANPFI” vakillari bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar
SIIPga Moldovadan kelgan fonogrammalar mualliflari, ijrochilari va ishlab
chiqaruvchilarining manfaatlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida himoya
qilish huquqini beradi. Va aksincha, Moldova jamiyatlari vakillari - o'z
hududida o'zbek mualliflari va ijrochilarining manfaatlarini himoya qilish huquqini
beradi. Bundan tashqari, tuzilgan shartnomalar mualliflik huquqi va turdosh
huquqlarni himoya qilish bo‘yicha ta’lim va kommunikatsiya sohalarida
hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va qonunchilikni yanada
rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Mualliflik huquqi inson huquqlarining ajralmas qismidir. O‘zbekiston
Respublikasining JSTga kirish nuqtalaridan biri intellektual mulk huquqlariga,
jumladan, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya qilish ekanligini hamma
yaxshi biladi, dedi SIIP raisi Boboqul Toshev.