2022-yilning 10-11-oktabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “San'atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” hamkorligida “Mualliflar va boshqa huquq egalarining huquqlarini boshqarish: muammolar va ularning yechimlari” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyaning maqsadi – xorijiy davlatlardagi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni jamoaviy asoslarda boshqaruvchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomalari doirasida xalqaro aloqalarni kengaytirish, tuzilgan hamkorlik shartnomalarini amalda qo‘llash tizimini yo‘lga qo‘yish, mulkiy huquqlarni mintaqa va xalqaro doirada boshqarish mexanizmlarini joriy etish, respublikamizning sohaga oid xalqaro majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish yo‘llarini izlash, tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish hisoblanadi.

Konferensiya ishida Qozog‘iston, Moldova, Gruziya, Shvetsiya, Chexiyaning mualliflar va turdosh huquqlar sub‘yektlari mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar vakillari bevosita ishtirok etgan bo‘lsa, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO-Jenevada joylashgan) va Ozarbayjon tashkiloti vakillari ZOOM platformasi orqali masofadan qatnashdi.

Bugungi kunda respublikamizda ham mualliflar, ijrochilar va boshqa huquq egalarining huquqlarini muhofaza qilish va himoya qilish sohasida alohida davlat siyosati yuritilmoqda. Xalqaro tajriba asosida sohaga oid amaldagi qonunchilik takomillashtirib borilmoqda, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda, huquq egalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asoslarda boshqarish tizimi joriy etilgan. Ushbu tizimni tatbiq etish uchun mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6000-sonli farmoniga asosan “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” tuzilgan va Palata manfaatdor idoralar bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston sohaga oid 5 ta xalqaro konvensiyaning va qator hukumatlararo shartnomalarning a'zosi hisoblanadi. Shunga ko‘ra, milliy qonunchilik ham takomillashtirib borilmoqda. Tadbirda boshqa davlatlarning ushbu sohadagi qonunchiligi haqida atroflicha ma'lumotlar berildi.

Konferensiyada taniqli xorijiy va mahalliy olimlar, xalqaro ekspert va mutaxassislarning ma'ruzalari tinglandi, chiqishlari eshitildi. Tadbir ishtirokchilari sohada amaliyotchi mutaxassislar va olimlar yetishmasligi, asarlardan ruxsatsiz va o‘zboshimchalik bilan foydalanish kamaymayotgani, mualliflar va ijrochilarning asarlaridan foydalanganda esa tegishli haq to‘lashda qiyinchiliklar borligi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, mamlakatlar iqtisodiyotida intellektual mulkning ulushi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Shu maqsadda sohaga oid tashkilotlar o‘rtasida integrasiyani kengaytirish ta'kidlandi.

Tadbir yakunida sohaga oid xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, dunyoda yuzaga kelayotgan voqeliklar va raqamli muhit sharoitlarini inobatga olib sohaga zamonaviy va ta'sirchan mexanizmlarni joriy etib borish, axborot almashinuvini kuchaytirish, xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish va huquqiy targ‘ibot ishlarini yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Kelgusida mamlakatimizda madaniyat va san'at vakillarining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yanada kengaytirish, joylarda asarlar va ijrolardan foydalanishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, davlatimizning sohada olib borayotgan islohotlariga ko‘maklashish maqsadida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish, faoliyatni yanada kuchaytirish bo‘yicha esa taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.