Joriy yilning 9 dekabr kuni Buxoro viloyat adliya boshqarmasi va San'atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi bilan hamkorlikda Buxoro ixtisoslashtirilgan san'at maktabida Mualliflik huquqini himoya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda ijod qilib kelayotgan dramaturglar, shoirlar, bastakorlar, ijrochilar, musiqa yo‘nalishidagi pedagoglar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ma'ruza qilgan San'atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi Boshqaruvi raisi, professor Boboqul Toshev mamlakatimizda mualliflik huquqini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga oid qonunchilikdagi yangiliklar, huquq egalarining mulkiy huquqlarini boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati, ayrim ijodkorlar va ijrochilar o‘rtasida yuzaga kelayotgan kelishmovchilarning sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida to‘xtalib o‘tdi.

B.Toshevning so‘zlariga ko‘ra respublikamiz mualliflik huquqi va turdosh huquqlar (ijrochilik huquqi)ga oid 5 ta xalqaro konvensiya va bir qator xalqaro hukumatlararo shartnomalarning a'zosi hisoblanadi. Shuningdek, joriy yilning               3 oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan MDH davlatlari o‘rtasida telekommunikatsiya tarmoqlarida mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya etish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shilish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Respublikamiz mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya etish bo‘yicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarish, davlatimizning ushbu sohada xalqaro reytingini ko‘tarish va imijini yaxshilash uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorlikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish muhim hisoblanadi.

Bugungi kunda mualliflik huquqiga rioya qilish dolzarbligicha qolmoqda. Ayniqsa, ijrochilar bilan mualliflar o‘rtasida musiqiy asarlarni yaratish, undan foydalanishda shartnomaviy munosabatlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani qator nizolarning ham kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

So‘zga chiqqan Adliya boshqarmasi intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Sherali Jo‘rayevning ta'kidlashicha, asarlardan va fonogrammalardan o‘z faoliyatida dam olish maskanlari, savdo nuqtalari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqa joylarda huquq egalari yoki ularning mulkiy huquqlarini boshqaruvchi tashkilot bilan tegishli shartnoma tuzmasdan foydalanib kelayotgani tashvishli holdir. Ayni vaqtda, asarlardan ruxsatsiz foydalanish oqibatida huquq egalari o‘zlariga tegishli mualliflar va ijrochilik haqi olmasdan qolmoqda. Bu huquq egalarining moddiy jihatdan qo‘llab-quvvvatlanmasligiga hamda davlat byudjetiga tegishli mablag‘ tushmasligiga ham sabab bo‘lmoqda.

Adliya boshqarmasining intellektual mulk huquqlarini himoya qilish bo‘limi tomonidan joylarda o‘rganishlar olib borish orqali sohaga oid huquqbuzarlikliklarni aniqlash, huquqbuzarlarga nisbatan tegishli bayonnomalar rasmiylashtirish va sud tartibida tegishli jarimalar belgilashga oid faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbir ishtirokchilari viloyatda sohaga oid huquqiy bilimlarni tarqatish, tegishli huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, ijodkorlarga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatib borishga kelishib oldilar.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

 

Adliya boshqarmasi

axborot xizmati