26-aprel Xalqaro intellektual mulk kuni munosabati bilan Adliya vazirligi
huzuridagi Intellektual mulk agentligi majlislar zalida ushbu kun munosabati
bilan muntazam oʻtkaziluvchi eng yaxshi intellektual mulk obyekti “Best IP –
2022” tanlovi gʻoliblari hamda Butunjahon intellektual, mulk tashkilotining
“Ixtirochilik uchun”, “Ijodkorlik uchun”, medallari va “Intellektual mulk
sohasidagi eng yaxshi korxona” mukofoti bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya
qilish palatasi ijrochi direktori oʻrinbosari Aslonov Nodirjon Adhamovich
ishtirok etdi.
Nodirjon Aslonovning ta’kidlashicha, insoniyat tafakkuri rivoji bilan
yigirma birinchi asrga kelib ilm fan va texnika taraqqiyoti yanada jadallashdi.
Hayotimizga qanchadan - qancha soʻnggi rusumdagi texnikalar,
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib keldi. Endilikda har bir
intellektual mulk obyekti jamiyatga foyda keltirishi va hayotga tatbiq
qilinishida huquqiy himoyaga ega boʻlishi yanada muhim ahamiyatga ega sanaladi.
Xalqaro intellektual mulk kunini nishonlash 2000-yilda Butunjahon intellektual
mulk tashkilotiga (BIMT) a’zo - davlatlar tomonidan jahon taraqqiyotida
intellektual mulk oʻnini yanada oshirish va mavjud muammolarga yechim topish
sifatida taklif etilgan . Har yili 26 aprel - Xalqaro intellektual mulk kuni
biron bir mavzuga bagʻishlanadi. Joriy yilda ushbu sana "Intellektual mulk
va yoshlar: kelajak uchun innovatsiyalar" nomi ostida oʻtkazildi. Tanlov
ishtirokchilari tomonidan topshirilgan ishlarni koʻrib chiqishda ham
taraqqiyotga hissa qoʻshuvchi innovatsion ishlanmalarga katta e’tibor qaratildi.
Umuman olganda, intellektual mulk muhofazasi va himoyasi tizimining toʻgʻri
yoʻlga qoʻyilishi investitsiyalarning toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etilishi,
ixtirochilik salohiyati va texnologiyalarning keng yoyilishiga yoʻl ochadi. Bu
esa, oʻz navbatida, yangi ish oʻrinlari yaratilishi, inson kapitalining
rivojlanishi va qoʻshimcha moddiy daromadning ortishiga olib keladi.
"Best IP - 2021" tanlovi Maxsus komissiyasi tomonidan gʻolib deb
topilganlar tegishli ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 30, 25 va 20
baravari miqdorida pul mukofoti bilan va estalik sovgʻalar bilan
taqdirlanishdi. Innovatsion intellektual mulk obyektlari yaratilishi milliy
iqtisodiyotning innovatsion rivoji hamda mamlakatni jahonga integratsiyalashuvi
va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois zamon
bilan hamnafas intellektual mulk obyektlarini yaratish, ilmiy-ijodiy faoliyatni
moddiy qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotni innovatsion bosqichga oʻtkazish, turli
tadqiqotlar, ilmiy ishlanmalarni hayotga tadbiq qilishni qoʻllab-quvvatlash
dolzarb vazifalardan boʻlib qolaveradi .